Akusherlik

Akusherlik – klinik tibbiyotning bir sohasi. Homiladorlik, tugʻruq vaqtida va tugʻruqdan keyin (chilla davrida) ayol organizmida sodir boʻladigan fiziologik va patologik jarayonlarni oʻrganadi.

Asosiy vazifasi: tugʻruqqa yordam berish, homiladorlik kasalliklari (masalan, toksikozlar)da tugʻruq, tugʻruqdan keyin (tugʻruq vaqtidagi shikastlar, qon ketishi va boshqa(lar)) yuzaga kelishi mumkin boʻlgan asoratlarning oldini olish hamda asoratlar paydo boʻlganda ayolga, homila va yangi tugʻilgan chakaloqqa tibbiy yordam koʻrsatishning eng maqbul usullarini ishlab chiqishdan iborat.

Ushbu vazifa kasalxonalar, tugʻruqxonalar yoki qishloq vrachlik punktlarida akusher-vrach yoki akusherka zimmasida. Akusherlik – tibbiyotning qad. sohalaridan biri. Tibbiyotga oid qad. kitoblarda (masalan, “Ayurveda”) tugʻruqqa yordam berishning ayrim usullari keltirilgan. Ibn Sino “Tib qonunlari” asarida Xotin-qizlar gigiyenasi va kasalliklariga, jumladan, akusherlikka alohida bob ajratgan.

Ilmiy akusherlik 17-18-a. ladan boshlab anatomiya, embriologiya, fiziologiya va klinik tibbiyot sohasidagi yutuqlar bilan bogʻlik holda rivojlanyapti.

Akusherlik bilan ginekologiya – bir butun fan. 19-a. da efir va xlorofomdan ogʻriqsizlantirish maqsadida foydalanish, infeksiyaning tarqalish yoʻllari va unga qarshi kurash usullarining kashf etilishi akusherlikning taraqqiy etishiga turtki boʻldi. Bu sohada da jarrohlik usullari keng qoʻllanila boshlandi.

20-a. da kimyo, fiziologiya, bakteriologiya va boshqa(lar) nazariy fanlar yutuqlarining akusherlikda joriy etilishi sohaning bir qancha masalalarini, masalan, homiladorlik fiziologiyasi va diyetetikasi, tugʻruqni ogʻriqsizlantirish, homiladorlarda kechadigan ayrim kasalliklar, toksikozlar, anemiya va boshqa(lar)ni chuqurroq anglash imkonini yaratdi.

Oʻzbekistonda akusherlik ijtimoiy masala darajasiga koʻtarilib, ona va bolalikni muhofaza qiladigan koʻplab muassasalar faoliyat yuritmoqda. Tibbiyot yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlari va kasb-hunar kollejlarida A. fan sifatida oʻqitiladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.