Adaptatsiya

Adaptatsiya [lot. adaptatio – moslashuv] – 1) organizmning turli yashash sharoitlariga moslashishi; 2) sezgi aʼzolarining oʻziga taʼsir etadigan qoʻzgʻatuvchilarga moslashishi natijasida ularda sezgirlik darajasining oʻzgarishi (masalan, koʻzning yorugʻlik yoki qorongʻilikka moslashuvi). 

Qoʻzgatuvchining taʼsir kuchi oʻzgarishi bilan sezgirlik ham oʻzgaradi. Qoʻzgʻatuchilar sust taʼsir etganda sezgirlik oshadi, kuchli taʼsir etganda esa kamayadi.

Adaptatsiya hodisasi hamma tashqi sezgilar (koʻrish, eshitish, hid, taʼm, badan sezgisi)ga xos. Taktil, harorat, hid va koʻrish sezgilarida adaptatsiya kuchli, eshitish va ogʻriq sezgilarida kuchsiz. Ichki sezgilar (masalan, tashnalik, ochlik)ga nisbatan moslanish hosil boʻlmaydi.

Adaptatsiya organizmning meʼyoriy hayot faoliyatini saqlab turishini, atrof muhitning turli omillari: harorat va iqlimning oʻzgarishiga (q. Iqlimga moslashish), balandlikka (q. Balandlik kasalligi), koʻpgina infeksion agentlarga (q. Immunitet) moslanishini taʼminlaydi.

Moslashish reaksiyasi moddalar almashinuvi jadalligining uzluksiz oʻzgarib turishiga asoslangan. Odam organizmining moslashuv reaksiyasi tez (spetsifik) va sekin (nospesfik), tugʻma (tur evolyutsiyasi jarayonida shakllangan) yoki orttirilgan (har bir organizm uchun oʻziga xos) reaksiyalarga boʻlinadi. Masalan, ogʻritadigan omil taʼsiriga javoban oyoq-qoʻlni tortib olish, jismoniy ish qilganda nafas olishning kuchayishi, qon oqimi va yurak faoliyatining tezlashishi hamda qonning qayta taqsimlanishi, qorongʻida koʻz yorugʻlik sezish layoqatining zoʻrayishi – bularning hammasi tugʻma tez adaptatsiya reaksiyalari hisoblanadi.

Har bir kishining turli yashash sharoitlariga moslashish imkoniyati uning irsiyati, yoshi, sogʻligʻi va boshqa(lar)ga bogʻlik.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте, как обрабатываются ваши данные комментариев.