chaqaloq parvarishi
Bolalar salomatligi

Chaqaloq parvarishi

Ko’pgina yosh onalar yangi tug’ilgan bolakaylari bilan yolg’iz qolgan vaqtlarida hayajonga tushib qoladilar. Chaqaloq parvarishi haqida tushunchaga ega bo’lamganligi sababli bunday vaziyatda nima qilishni bilmay qiynaladilar. Shu sababli ayollar homiladorlik vaqtidanoq bola dunyoga kelishi bilan uning parvarishi haqida qisqacha ma’lumotga ega bo’lishlari zarur.

Chaqaloq parvarishi uchun muhim bo’lgan chora tadbirlar

Yangi tug’ilgan bolakaylar terisi juda nozik, jarohatlanishga moyil va sezuvchan bo’ladi, shu sababli teri parvarishidagi kichik xatolik ham terida infeksion yallig’lanish kasalliklari kelib chiqishiga sabab bo’lishi mumkin. Chaqaloqlarda eng ko’p uchraydigan teri yallig’lanish kasalligi – bu pelenkali dermatitdir.

Agar bunday holatga infeksion omil ham qo’shiladigan bo’lsa, vezikulopustulyez (yiringli toshmalar, ko’pincha teri burmalarida ya’ni qo’ltiq osti, bo’yin sohasida, dumbada pufakli ichi yiring bilan to’lgan toshmalar) kabi kasalliklar rivojlanadi. Bu kabi jiddiy teri kasalliklari rivojlanmasligi uchun bolakay parvarishiga e’tibor qaratish lozim.

Bolakayning tongi hojat qilishi (yuzlarni yuvish, ko’z, burun va quloqchalarni tozalash). Yangi tug’ilgan chaqaloq burun yo’llari juda tor bo’lganligi sababli burun yo’llarida shilliq to’planishi va nafas o’tishi buzilishi juda oson. Shuning uchun onalarning vazifasi burun yo’llarini har kuni tozalab turishdir.

Bolakay ko’zlarini tozalash

Bolakay ko’zlarini tozalash ham juda muhim. Ko’z gigiyenasiga rioya qilmaslik natijasida ko’z shilliq qavatining yallig’lanishi – konyuktivit rivojlanishi mumkin, bunda ko’z qizaradi, uyqudan so’ng bolakay kipriklari yopishib qoladi va ochilishi qiyin bo’ladi va ko’z ichki burchagida ajralmalar to’planadi. Bundan tashqari ko’z gigiyenasiga to’g’ri rioya etilmaganda dakriosistit rivojlanishi ham mumkin – bu ko’z yosh qopchasining yallig’lanishidir. Bunga sabab ko’z yosh burun yo’lining yopilib qolishi va u yerda infeksiyaning rivojlanishidir.

Bolakay chov sohasini yuvish

O’g’il bolalar jinsiy olatlari boshchasida teri qoplamasi bilan qoplangan holda dunyoga keladilar. Yangi tug’ilgan chaqaloqlarda ushbu teri qoplamasi tor bo’ladi va bu fiziologik fimoz deb ataladi. Bunday holat bola hayotining 3-5 yillarida yo’qolib ketadi yoki sunnat qilish yo’li bilan bartaraf etiladi. Jinsiy olat boshchasini qoplab turgan teridagi bezlar o’zidan maxsus shilliq ajratib turadi. Agar onalar bolakaylarni cho’miltirmasalar yoki gigiyena qoidalariga to’liq rioya etmasalar ushbu joyda bakteriyalar to’planadi va jinsiy olat boshchasi yallig’lanishi – balanopostit kelib chiqadi.

Shu sababli bolakaylarni oraliq sohasini bola ichiga kelganidan so’ng yuvish, ichi kelmasa ham har 2-3 sotda yuvib turish tavsiya etiladi. Bunday gigiyena chora tadbiri qiz bola farzandlarda ham amalga oshirilishi kerak. Yangi tug’ilgan qiz bola chaqaloqlar jinsiy a’zosining o’ziga tuzilishi shundaki jinsiy lablar qin dahlizini to’liq qoplamaydi va chaqaloqlarda qin ishqoriy muhitga ega bo’lishi infeksiyaning qinga kirishini osonlashtiradi. Bundan tashqari qiz bolalarda tashqi siydik chiqaruv kanali ham kalta bo’ladi, bu esa bakteriyalarning siydik chiqaruv yo’lidan osongina kirishi hamda uretrit, sistit keltirib chiqarish ehtimolini oshiradi.

Tagliklarni almashtirish

Bunday olib qaralganda tagliklarni almashtirish tajribaga ega onalar yoki hamshira uchun oson ishdek tuyuladi. Ammo, ilk bor farzand dunyoga keltirayotgan ona uchun esa bu jarayon biroz mushkul, shunchaki urinib ko’ring, ha ilk bor siz va bolakay kiyimlari biroz ifloslanib qolishi aniq.

Kindik yarasini qayta ishlash

Yangi tug’ilgan chaqaloq parvarishi amaliyotida kindik yarasini qayta ishlash muhim ahamiyatga ega. Kindik yarasining to’liq bitmasligi bolakay organizmiga kiradigan infeksiyalar uchun darvoza vazifasini bajaradi, bunda nafaqat kindik yallig’lanishi (omfalit), hatto infeksiyaning qonga o’tishi – sepsis kelib chiqishi ham mumkin. Kindik yarasini shifokoringiz tushuntirgani kabi har kuni qayta ishlash kerak, odatda kindik yarasi 10-19 kun ichida bitib ketadi.

Chaqaloqni cho’miltirish

Bolakayni cho’miltirish eng kerakli bo’lgan gigiyenik chora tadbirlardan biri hisoblanadi, bola cho’milish natijasida tinchlanadi. Bolakayni har kuni cho’miltirish tavsiya etiladi. Cho’milish natijasida bolada teri infeksion kasalliklari rivojlanish ehtimoli kamayadi. Bolalar terisi ustki qavati – epidermis juda yuqa bo’lganligi sababli tez ifloslanadi. Bundan tashqari bolakaylar terisi epidermis qavati derma qavati bilan kuchsiz birikkan bo’ladi.

Terining bu kabi o’ziga xosligi infeksion omilning tez tarqalishiga sharoit yaratib beradi. Teridagi bezlar yordamida organizmda to’plangan zaharli moddalar ham ajralib chiqadi. Bolakayni cho’miltirishdan avval barcha zarur bo’ladigan buyumlarni oldindan tayyorlab olish lozim, bolakayni ilk marotaba cho’militirish uchun tajribaga ega bo’lgan ona yordami (masalan qo’shni ayol) bo’lgani maqsadga muvofiqdir.

Oʻqing: Chaqaloqni choʻmiltirish tartibi va foydali tomonlari

Chaqaloq parvarishi: yo’rgaklash

Ko’pgina tug’ruqxonalarda yangi tug’ilgan chaqaloqlar hayotining ilk kunidayoq chaqaloqlar uchun kiyim kiyishga ruxsat beradilar. Umuman olganda bolakaylarni yo’rgaklash bolakay uchun ona qornidagi kabi holatni yaratib beradi. Ya’ni uning qo’l va oyoqlari harakati cheklanadi, bu esa bolakayning tinch uxlashi uchun juda qulay. Ammo, bolalarni yo’rgaklashda juda tor holatga keltirish kerak emas, bola qo’l va oyoqlarini o’zi uchun qulay holatga keltirish uchun biroz bo’shliq bo’lishi lozim.

Chaqaloqni to’g’ri emizish

Yosh onalarning tug’ruqxonada o’rganib olishlari kerak bo’ladigan yana bir muhim holat – bolakayni to’g’ri emizish. Agar onada tajriba yetarlicha bo’lamasa hamshira yoki shifokordan yordam so’ragan holda bolakayni ko’krakka qanday tutish kerak ekanligni, qaysi holat bolakay va ona uchun qulay bo’lishini bilib olishi lozim. Bolakay ko’krak sutini qancha ko’p emadigan bo’lsa laktatsiya jarayoni ham shuncha jadallashadi. Shu sababli bolakay oziqlanishi uchun barcha qulayliklarni yaratish bola uchun ham ona uchun ham juda muhim.

Oʻqing: Bolani qanday holatda emizish kerak?

Bolakayni to’g’ri parvarish qilish

Chaqaloq parvarishi haqida ma’lumotlar va ko’nikmalarni qayerdan olsa bo’ladi?

Ko’pgina homilador ayollar bo’lajak onalar uchun maktablarga yoziladilar. Bunday maktablarda farzand dunyoga kelganidan so’ng uni qanday parvarish qilish kerak ekanligi, qanday holatlar xavfli hisoblanishi va qanday vaziyatda shifokorga murojaat etish kerakligi haqida nazariy va amaliy ko’nikmalar beradi.

Bundan tashqari bolakaylar parvarishi haqidagi ma’lumotlarni onalar uchun maxsus jurnal, gazeta va kitoblardan hamda saytlardan olsa bo’ladi.

Onalarning asosiy yordamchilari – bu shifokor pediatrlar hamda tug’ruqxonalardagi hamshiralardir. Tug’ruqxonalarda ishlaydigan hamshiralar yosh onalarga bola parvarishi haqida ma’lumot berishi va bolalarni tozalash, uni yo’rgaklash kabi amaliyotlarni ko’rsatib berish imkoniyatiga ega.

Onalar ham hamshiralar nazorati ostida chaqaloqlari parvarishidagi ayrim jarayonlarni bajarishni o’rganib olishlari kerak. Shunday yo’l bilan onalar o’z uylariga kelgan vaqtlarida hayajonlanib qolmaydilar.

Onalar tug’ruqxonadan uyga chiqqanlaridan keyin doimo pediatr nazoratida bo’lib turadilar. Oilaviy poliklinikaga tomonidan patronaj xizmati olib boriladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.