Buyrak-tosh kasalligi
Kasalliklar

Buyrak-tosh kasalligi sabablari va profilaktikasi

Inson salomatligi ko‘p jihatdan uning hayot tarziga bog‘liq. Sog‘lom turmush tarzi, ratsional ovqatlanish, ruhiy muvozanat kishining sog‘lom va baxtli hayoti asosidir. Ammo ma’lum sabablarga ko‘ra, ushbu me’yorlar buzilsa, salomatlik zanjirida ham uzilishlar paydo bo‘ladi. Masalan, buyrak-tosh kasalligi aynan tashqi omillar ta’sirida rivojlanadi.

Buyrak-tosh kasalligi sabablari

Buyrak-tosh kasalligi peshobning miqdor va sifat jihatdan o‘zgarishi oqibatida buyrak kosa-jom tizimida toshlar yuzaga kelishi bilan kechadigan surunkali xastalikdir. U asosan organizmda moddalar almashinuvining buzilishi oqibatida kelib chiqadi. Shu bilan birga, kasallikning bosh­qa omillari ham yo‘q emas:

• buyrak va siydik yo‘llaridagi infeksion yallig‘lanish;
• ichimliklar tarkibida tosh paydo qiluvchi moddalar mavjudligi;
• yetarli miqdorda suyuqlik ichmaslik;
• buyraklarning kosa-jom tizimi va siydik yo‘llarida tuz to‘planishi.

Podagra, qandli diabet, gipertoniya bilan og‘riganlarda ham buyrak toshining yuzaga kelish ehtimoli bor. Qolaversa, ba’zi dori-darmon vositalari buyrakda tosh paydo qilishi mumkin.

Kasallik belgilari

• dizuriya, ya’ni peshob ajralishining qiyinlashishi, rangi xiralashishi;
• peshobning achishib va og‘riqli kelishi;
• ko‘ngil aynishi va qayt qilish;
• ishtaha pasayishi, uyqu buzilishi.

Agar toshlar ko‘p miqdorda bo‘lsa, peshob yo‘llarida to‘siq yuzaga kelib, oqibatda buyrak sanchig‘i xuruji darajasigacha borishi mumkin. Odatda belda hosil bo‘lgan og‘riq chov sohasi bo‘ylab qovuqqa tortib kuchayib boradi. Bunday xurujlar vaqtida va xurujdan so‘ng peshobning qon aralash qizarib kelishi kuzatiladi.
Bemorlar, albatta, urolog va nefrolog mutaxassisga murojaat qilishi lozim. Chunki kasallikka tegishli laborator va instrumental tekshiruv natijalari asosida tashxis qo‘yiladi.

Buyrak-tosh kasalligi davosi va profilaktikasi

Davolash asosan organizmdagi moddalar almashinuvi buzilishlarini muvofiqlashtirish hamda buyrak va siydik yo‘llarida peshob harakatini ravonlashtiruvchi dori vositalari tavsiya etishdan iborat. Shuning­dek, siydik yo‘llaridagi infeksiyaga qarshi kurashish lozim. Agar toshlar hajmi katta va ko‘p miqdorda bo‘lsa, operativ chora qo‘llaniladi.

Profilaktika uchun, eng avvalo, modda almashinuvi jarayonlarini muvofiqlashtirish, sog‘lom turmush tarziga rioya etish va parhezga amal qilish lozim.

Shavel va siydik kislotasi paydo qiluvchi mahsulotlar – osh tuzi, jigar, buyrak, til, miya, qazi va dudlangan go‘sht mahsulotlari, margarin, bedana tuxumi, achigan sut mahsulotlari (brinza, pish­loq), shokolad, qo‘ziqorin, anjir, dukkakli donlar, achchiq qora choy, qahva hamda kakao iste’moli chegaralanadi.

Qaynatilgan va bug‘da pishirilgan holda yog‘siz mol go‘shti, parranda va baliq go‘shti, o‘simlik moylari, sariyog‘, achimagan sut mahsulotlari, 1 va 2 nav un mahsulotlari, kishmish, murabbo, guruch va grechixa, karam, bodring, turp, qovoq, sabzi, o‘rik, behi, nok, olma, shaftoli, uzum, qovun-tarvuz, olcha; suyukliklardan ko‘k choy, meva va sabzavotlar sharbati, na’matak damlamasi iste’mol qilish lozim.

Sherali TOSHPO‘LATOV, shifokor.
«Sog’lom avlod» gazetasi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте, как обрабатываются ваши данные комментариев.