burun bitishi
Kasalliklar

Burun bitishi va quloq oqishi sabablari nima?

Burun bitishi — nafas yo‘llari infeksiyasi bilan bog‘liq. Burundan nafas olishning qiyinlashishi, vaqti-vaqti bilan boshqa omillar — allergiya, zamburug‘lar sabab yuzaga keladi. Shu bilan birga sababi aniqlanmagan ko‘rinishlari ham bo‘lishi mumkin. Nima uchun nafas olish bilan muammolar yuzaga keladi va surunkali burun bitishiga qarshi qanday kurashish mumkin?

“Bolalarda quloq, tomoq va burunda uchraydigan tug‘ma yoki orttirilgan nuqsonlarnii oldini olish va samarali davolash tibbiyotning doimiy muammosi hisoblanadi. Chunki bugungi kunda sayyoramizdagi har ming nafar chaqaloqdan ikkitasi ana shunday tug‘ma nuqson bilan dunyoga keladi. Qolaversa, sog‘lom tug‘ilgan bolalardan ham har ming nafaridan hech bo‘lmasa 2-3 tasi bir yoshga kirgunicha yiqilib turli jarohatlar oladi”, dedi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi, tibbiyot fanlari doktori, professor Shavkat Amonov SSV Matbuot xizmati bilan bo‘lgan suhbatda. 

Shavkat Amonovning ta’kidlashicha, noto‘g‘ri dori-darmon iste’mol qilish, gripp va o‘tkir respirator, virusli kasalliklar natijasida eshitish a’zolarida nuqsonlar paydo bo‘ladi.  

“Xalqimiz tilida tumov, tibbiyotda “rinit” deb yuritiladigan kasallikning surunkali shakli bugun ko‘p uchramoqda. Ilmiy tadqiqotlar natijasida shuni aniqladikki, bemorlarning sakson foizida bu kasallikka burundan boshqa a’zolar, masalan, burun atrofidagi bo‘shliqlar shamollashi, burun to‘sig‘i qiyshayishi, qolaversa, jigar, buyrak, oshqozon-ichak kasalliklari ham sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, havodagi chang-g‘ubor va turli o‘tkir hidlar ham nafas yo‘llarida allergik muammolar keltirib chiqarib, tumovga olib kelishi mumkin, oqibatda burun bitishi kuzatiladi”.

Shavkat Amonovning aytishicha, burun to‘sig‘i deformatsiyasi allergik holatlar, dimog‘ bezi katta bo‘lishi, shuningdek, gijjalar ham burun bitishiga olib kelishi mumkin. Bolalarning yuzi yoki badanida oq dog‘lar bor-yo‘qligiga e’tibor qaratish zarur.

So‘lagi oqsa,  kindik atrofida og‘riqdan shikoyat qilsa, bolani darhol mutaxassislar ko‘rigiga yo‘llash zarur. Quloq oqishi esa otit, ya’ni o‘rta quloq yallig‘lanishi belgisi bo‘lishi mumkin. Bu kasallik kattalarga qaraganda bolalarda og‘irroq kechadi. Ushbu xastalik yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanishi bilan kechadigan yuqumli kasalliklar – gripp, qizamiq, skarlatina sabab yuzaga kelishi mumkin. Kasallikni o‘z bilganicha davolash, quloqqa har xil yog‘lar tomizish, quloqni kovlash quloq pardasiga zarar yetkazishi mumkin. Bemor, albatta, lor shifokori nazorati ostida davolanishi maqsadga muvofiq.

Ma’lumotlarga qaraganda, o‘pkaga havo og‘izdan emas, balki burun orqali kirishi kerak. Burun yo‘llarida havo kerakli haroratgacha isitiladi, namlantiriladi, patogenlar va chang zarralaridan tozalanadi. Bundan tashqari, burundan nafas olish o‘pkaning to‘liq kengayishiga sabab bo‘ladi, chunki og‘iz orqali nafas olishdan ko‘ra, burun orqali nafas olishda ko‘krak qafasi ko‘proq kuch ishlatadi. Bu o‘pkaning to‘liq hajmini ishlatish va bir nafasda qonni ko‘p miqdorda kislorod bilan to‘yintirish imkonini beradi.

“Kasallik qaytalanmasligi uchun sovuq qotish va shamollashdan ehtiyot bo‘lish kerak. Bolani cho‘miltirayotganda suv kirmasligi uchun qulog‘iga vazelinli paxta tiqish kerak. Aksariyat onalar bunday vaziyatda bolaning qulog‘iga paxtaning o‘zini tiqadi. Holbuki, paxta suvni o‘ziga shimib ichkariga o‘tkazadi.

Bu bola sog‘lig‘i uchun juda zararli. Quloqdagi og‘riq yoki suyuqlik ajralishi bilan kechadigan kasalliklar o‘z vaqtida davolanmasa, meningit, sepsis, hatto miya to‘qimasi absessi kabi og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin.  Shu bois bolaning qulog‘i oqishiga befarq qarab bo‘lmaydi”, deydi mutaxassis Shavkat Amonov.

Shavkat Amonov, professor.
SSV Matbuot xizmati.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте, как обрабатываются ваши данные комментариев.