Bosh aylanishi sabablari
Kasalliklar

Bosh aylanishi sabablari

Bosh aylanishi juda ko‘p uchraydigan kasallikdir. Ruhiy va hissiy zo‘riqishlar, dam olmay tinimsiz ishlash, bosh miya qon tomir kasalliklari, vegetativ distoniyalar, arterial qon bosimning oshib yoki tushib ketishi, surunkali kechuvchi kamqonlik (anemiyalar), yurak kasalliklari va ichki quloq kasalliklari bosh aylanishining asosiy sabablari hisoblanadi.

Bosh aylanishi ko‘p hollarda yurak urib ketishi, holsizlanish, sovuq terga botish, quloqda shovqin paydo bo‘lishi, ko‘ngil aynishi, oyoqlarning titrashi bilan birga kuzatiladi. Odatda, bu belgilar ruhiy zo‘riqishdan so‘ng kuchayadi. Bunday bemorlar balandlikdan qo‘rqishadi. Shuning uchun ham ular balkondan, baland ko‘prikdan yoki tomdan pastga qaramaslikka harakat qiladilar. Chunki bunday paytda bosh aylanishi kuchayadi.

Odam siqilganda boshi aylanadimi?

Aytib o‘tganimizdek, tez asabiylashadigan odamlarda ruhiy jarohatlar bosh aylanishga sabab­chi bo‘ladi. Bunday holatlar psixogen bosh aylanish deb yuritiladi. Ular joylashgan vaziyat bir oz o‘zgarsa-da, bosh aylanish kuchayib ketadi. Masalan, baland qavatli binoda yashaydigan bir bemor undan bir qavat tepada yashaydigan qo‘shnisinikiga chiqib, balkondan pastga qaraganda boshi aylanib, gandiraklab ketgan, ko‘ngli aynigan, koridorga kirganda esa kamaygan va bir ozdan so‘ng to‘xtagan. Shunisi e’tiborliki, psixogen bosh aylanishda bemor liftdan ko‘ra zinapoyadan ko‘tarilishni afzal ko‘radi. Aksariyat hollarda qo‘rquv va xavotir kuzatiladi.

Bemor faqat balandlikdan qaraganda emas, balki avtomobillar qatnovi tez bo‘lgan katta yo‘lga qaraganda ham bosh aylanishi paydo bo‘ladi yoki kuchayadi. Bunday holatlarda bemor katta tezlikda o‘tayotgan avtomobillarga qaramaslikka harakat qiladi yoki oyoqlarining ostiga qarab qadamlarini nazorat qilib yuradi. Ana shunda bosh aylanishi kamayadi. Katta zallarda olib boriladigan majlislar yoki uzoq davom etuvchi darslarda ham bemorda bosh aylanishi avj oladi. Talabalarda imtihonlarga berilib tayyorgarlik ko‘rish, ilmiy xodimlar va yozuvchilarning tinmay asarlar yozishi yoki har qanday sog‘lom odamda kuzatilishi mumkin bo‘lgan ortiqcha aqliy zo‘riqishlar ham bosh aylanishiga turtki bo‘ladi.

Bosh aylanishi kuzatilganda hushdan ketishlar ham bo‘lib turadimi?

Bosh aylanishi aksariyat hollarda qisqa vaqtga hushdan ketish (sinkope) bilan kechadi. Tez-tez hushdan ketib turadigan bemorning bosh miya qon tomirlari tekshirilganda, ularda tomirlar tonusining o‘ta darajada pasayganligi yoki o‘zgaruvchanligi aniqlanadi. Sinkope holatlari chuqur-chuqur nafas olganda, qon bosim pasayganda va yurak kasalliklarida ham yuz beradi. Uzoq payt yotib qolgan bemor gorizontal holatdan vertikal holatga o‘tsa, bosh aylanishi yuz beradi, ­ya’ni qon bosim birdan tushib ketadi. Bu holat, ayniqsa, qon bosimi past yuradiganlarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Nevrolog olimlardan biri Oppengeym (1894) «Har bir kishi o‘zida bosh aylanishini yuzaga keltirishi mumkin, agarda u muvozanat va bosh aylanishi haqida o‘ylayversa» degan edi.

Vrach xatosi bosh aylanishga sababchi bo‘ladimi?

Ba’zan bosh aylanishiga sabab vrach xatosi ham hisoblanadi. Bunday paytlarda yatropatiya haqida so‘z boradi. Yatropatiya tibbiyot xodimining noto‘g‘ri xatti-harakati yoki bexosdan aytib qo‘ygan so‘zi oqibatida bemorda yuzaga keladigan turli kasallikdir. Shuning uchun ham bemordagi kasallik alomatlarini juda xavfli deyaverish kerak emas.
Shaxsiy kuzatuvimdan bir misol keltiraman. Uzoq yillardan buyon quloq, burun va tomoq kasalliklari poliklinikasida hamshira bo‘lib ishlaydigan va tez-tez asabiylashadigan ayolda qattiq hissiy zo‘riqishdan so‘ng bosh aylanishi alomatlari paydo bo‘ladi. U shu daraja kuchli bo‘ladiki, hatto tik turishi uchun bir qo‘lidan qizi, ikkinchisidan esa turmush o‘rtog‘i ushlab turgan.

Bu bemorga o‘zi ishlaydigan poliklinikada «Menyer kasalligi» deb tashxis qo‘yiladi. Tashxis bir necha bor o‘zgartiriladi. Bunday kasalligi bor bemorlarni bir necha marta o‘zi ham ko‘rgan va anketalar ochgan hamshirada bu kasallikning yaqqol belgilari namoyon bo‘la boshlaydi.

U nevropatologga ko‘rinmasdan, uch yil mobaynida LOR vrachlarda davolanib yuradi. Bosh aylanishi xurujlari tez-tez kuzatilib turadigan bu bemor bora-bora juda jahldor, arzimagan narsaga yig‘layveradigan va depressiya holatiga tez tushadigan bo‘lib qoladi.

Bemor miyasiga «Menyer kasalligi»ni shu darajada singdirib olgandiki, har bir ruhiy siqilishdan so‘ng, unda xuddi Menyer kasalligiga o‘xshash belgilar paydo bo‘lavergan. Psixoterapevtik muolajalar yetarlicha o‘tkazilmaganligi uchun davolanish jarayoni juda cho‘zilgan. Bir so‘z bilan aytganda, bemorda yatropatiya rivojlangan edi.

Navbatdagi xurujdan so‘ng bemorga nevropatologga ko‘rinish tavsiya qilinadi va bizga yuboriladi. Uning kasallik va hayot anamnezi bilan tanishib chiqib, unda nevrologik va psixologik tekshiruvlar o‘tkazdim va yana bir bor LOR vrachlari bilan maslahatlashib, «Menyer kasalligi»ni inkor qildim.

Barcha tekshiruvlardan so‘ng bemorga «Menyer sindromi ko‘rinishidagi niqoblangan depressiya» tashxisi qo‘yildi, ya’ni haqiqiy «Menyer kasalligi» inkor qilindi. Bemorning hamshiraligi e’tiborga olinib, unga bu atamalar farqini tushuntirdim. Bularning hammasi hamshiraga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatdi va u endi davolash muolajalariga katta ishonch bilan qaray boshladi. O‘tkazilgan maxsus davolash muolajalaridan so‘ng bemor tuzalib ketdi.

Eslab qoling. Bosh aylanishi deyarli har doim qaysidir kasallik belgisi yoki ruhiy-hissiy zo‘riqishlar alomati hisoblanadi. Siz har qanday holatda ham vrach tavsiyasiga ko‘ra ish tuting.
Bunday turdagi bosh aylanishlarni faqat nevropatolog emas, balki tibbiy psixolog ham samarali davolaydi.

Zarifboy IBODULLAYEV, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Soglom.uz


Ba’zan inson turgan joyida qalqib ketib, atrofdagi buyumlar o‘zi bilan birga harakatlanganday, chirpirak bo‘lib aylanganday tuyuladi. Bunday holatlarda, bosh aylanishidan ko‘pchilik bemorlar shikoyat qiladi. Ayniqsa, bu holat katta yoshli insonlarda ko‘p uchraydi. Bosh aylanishi nimadan darak berishi xususidagi SSV Matbuot xizmati savollariga tibbiyot fanlari doktori, professor Yoqutxon Majidova javob beradi.

— Holat kimlarda ko‘proq kuzatiladi? Odatda bosh aylanishi sababi nima?

— Bosh aylanishi har qanday yoshdagi kishida kuzatilishi mumkin, ammo keksalarda tez-tez uchraydi — 70 yoshdan oshgan odamlarning 20 foizigacha bo‘lgan qismi bu muammoga duch kelishadi. Katta yoshlilar o‘rtasida ayollar erkaklarga nisbatan ko‘proq aziyat chekishadi.

Agarda alkogoldan zaharlanish, dori vositalarining nojo‘ya ta’siri, suvsizlanish, qizib ketish yoki issiq urishi, avtomobil, poyezd yoki kemada sayr qilish, kamqonlik, qonda qand miqdorining pasayib ketishi, qon bosimining tushib ketishi, birdaniga ko‘p jismoniy mashqlar bajarish, quloq infeksion kasalliklari tufayli bosh aylanishi qisqa davom etsa, odatda, bu inson uchun zararsiz bo‘ladi.

— Bu holat qaysi kasalliklar alomati hisoblanadi?

— Holat jiddiy kasalliklarning alomatlari ham bo‘lishi mumkin — aritmiya va insultdan tortib, saratongacha bo‘lgan xastaliklarning alomati hisoblanadi. Shu bois bosh aylanishining turlarini ajratish juda muhim.

Deylik, boshning tez-tez va uzoqroq aylanishi quloqning jiddiyroq kasalliklari(vestibulyar nervning virusli infeksiyalari, labirintit)da uchraydi. Bunday bosh aylanishiga be’tibor bo‘lmaslik kerak. Chunki bu holatda kasallik belgilarsiz boshlanib, infeksiyaning miyaga o‘tib ketish xavfi yuqori bo‘ladi.

— Bosh aylanishining yana qanday ko‘rinishlari bor?

-Birdaniga holsizlik, ko‘rish yoki eshitish, nutqning buzilishi bilan kechadigan bosh aylanishlari ham bor. Bunday holat insultni bildiradi. Agar bemorning nutqi o‘zgarib, yuz simmetriyasi buzilsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak. Chunki insult kasalligida butunlay tuzalib ketish taxminan 16 foizga teng, qolgan 84 foiz holatda bemorning o‘limi yoki nogironlik bilan tugallanadi.

O‘tirgan joydan turilganda qisqa vaqtli ortostatik bosh aylanishi ko‘p uchraydigan holat. Ko‘pincha u organizmda suyuqlik yetishmasligi bilan bog‘liq bo‘ladi. Shu sababli kunning issiq vaqtlarida ko‘proq suyuqlik ichish kerak. Agar sizda suvsizlanish yo‘q bo‘lib, ortostatik bosh aylanishi bo‘lsa, sizda yurak ritmining buzilishi yoki yurak yetishmovchiligi bo‘lishi mumkin.

Bosh aylanishi bilan birga kuchli bosh og‘riqlari, yurishning qiyinlashishi va yiqilish, ko‘ngil aynishi va qusish, hushdan ketish, nafas olishning qiyinlashishi, bo‘yin muskullarining tortishishi va talvasalar kuzatilsa, albatta, shifokorga murojaat qilish kerak.

Yoqutxon Majidova, tibbiyot fanlari doktori, professor.
SSV Matbuot xizmati.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте, как обрабатываются ваши данные комментариев.