Kindik churrasi
Kasalliklar

Bolalarda grija: chov va kindik churrasi

Aksariyat onalar go‘daklardagi churra (grija)ni farzandlarining ko‘p yig‘laganligi uchun paydo bo‘lgan deb o‘ylashadi. Bu fikr noto‘g‘ri. Churraning paydo bo‘lishi bola yig‘isiga aloqador emas. Aksincha, 99 foiz hollarda churralar tug‘ma holda uchraydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, chaqaloqlar 80 foiz hollarda chov churrasi bilan tug‘iladi, 15 foiz hollarda esa ularda kindik churrasi kuzatiladi.

Shifokor olimlarning kuzatishlaricha, irsiy moyillik, homiladorlik davrida onaning yuqumli kasalliklarga chalinishi kabi holatlar churra paydo bo‘lishiga imkon yaratadi. Shuningdek, oy kuniga yetmasdan tug‘ilgan go‘daklarda churra ko‘proq uchraydi.

Aslida churra tanadagi a’zolarning o‘zi joylashib turgan bo‘shliqdan shu bo‘shliq devoridagi nuqsonlar orqali tushishi (yoki chiqishi) dan sodir bo‘ladigan kasallikdir. Kindik va chov churralari bolalarda ko‘p kuzatiladi. Kindik halqasidan chiquvchi qon tomirlar atrofida rivojlanishning to‘xtashi natijasida kindik halqasining yopilmay qolishi kindik churrasi deyiladi.

Qattiq bog‘lansa, go‘dakka azob

Kindik churrasi paydo bo‘lganda qorin bo‘shlig‘ida bosimning ortishi, kuchli yo‘tal, ich ketishi, qorin dam bo‘lishi kabi holatlar chaqaloqni bezovta qiladi. Bu vaqtda mushaklar tarangligi susayib, raxit va gipotrafiya (ozib ketish) ham yaqqol namoyon bo‘ladi.

Ayrim onalar bolaning kindik churrasini doka yoki bint bilan mahkam bog‘lab qo‘yishadi. Bu bolaning sog‘ligiga xavf tug‘dirishi ham mumkin. Chunki emizikli chaqaloqlar past diafragma bilan nafas olishadi. Ularning qorni qattiq bog‘lab qo‘yilganda esa nafas olish og‘irlashib, go‘dak juda qiynaladi.

Ba’zi bir onalar esa churra ustiga tangani yopishtirib bog‘laydilar. Afsuski, bu usul ham hech bir samara bermaydi. Umuman farzandida churra bo‘lganda onalar o‘z-o‘zicha davo usullarini qo‘llamasdan, balki pediatr – shifokor va bolalar jarrohi bilan maslahatlashib ish tutishlari zarur. Chunki churrani tuzatishda ba’zan maxsus gimnastika va uqalash muolajalari ham yordam beradi.

Churra o‘z-o‘zidan tuzaladi, demang

Har qanday churrada churra darvozasi (ichki a’zolarining bo‘shliqdan chiqadigan joyi), churra xaltachasi (qorin pardasining bevosita churra darvozasidan chiqadigan qismi) bo‘ladi.

Agar churra kattaroq bo‘lsa, teri cho‘zilib, yupqalashadi. Onalar churrani bola tug‘ilganidan 2-3 hafta o‘tgach, aniqlashlari mumkin. Bunday bola doim bezovtalanib yig‘laydi, yig‘isi kuchayganda kindigi bo‘rtib turadi. Bola tinchlanganida esa bo‘rtgan joy asl holiga keladi.

Ma’lumki, churraning eng xavfli asorati uning qisilishidir. Lekin kindik churrasi kamdan-kam holatlarda qisiladi. Unutmangki, go‘dak hayotining dastlabki yillarida churra o‘z-o‘zidan ham tuzalishi mumkin. Ya’ni, bola o‘sib, mushaklari rivojlanayotganda kindik halqasi berkiladi.

Ayrim vaqtlarda esa kindik churrasi bola uch yoshga to‘lganda ham yopilmaydi. Agar shunday bo‘lsa, kichkintoy statsionar sharoitida davolanadi, umumiy og‘riqsizlantirish usuli qo‘llanib, kindik halqasini saqlab qolgan holda churra xaltachasi olinadi va churra darvozasi yopiladi.

Operatsiya o‘tkazilgandan so‘ng yettinchi kuni choklar olib tashlanadi va bolaga maxsus parhez ta­yinlanadi.

Qorinda paytidayoq avaylang

Ko‘pgina tug‘ma dardlar, ayniqsa, churralar bola ona qornida paytidayoq paydo bo‘ladi. Onaning homiladorlik paytida shikastlanishi, yuqumli xastaliklar (ayniqsa, gripp) bilan og‘rishi va qaltis harakatlar qilishi tug‘ilajak bolada turli nuqsonlarni vujudga keltiradi. Shuning uchun ham homilador ayollar sog‘lom turmush tarziga amal qilishlari kerak. To bola tug‘ilgunicha bandaj taqishi, jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishi, juda ozib yo semirib ketishga yo‘l qo‘ymasligi zarur.

Kindik churrasi kuzatilganda uqalash mashqlari

Bordiyu chaqaloq hayotining dastlabki paytlaridayoq churrasi aniqlansa, onalar shifokor bilan maslahatlashib, uy sharoitida uqalash mashqlarini o‘tkazishlari mumkin. Bu quyidagicha bajariladi:

– o‘ng qo‘lingiz kaftini bola qorniga shunday qo‘yingki, o‘rta barmoq kindikka qaratilgan bo‘lib, ko‘rsatkich va nomsiz barmoq unga yopishib tursin, barmoqlaringizni sekingina bosib, chapga va o‘ngga harakatlantiring;

– kindik xalqasini o‘ng qo‘lingiz kafti bilan soat millari bo‘ylab uqalang;

– ikkala qo‘lingizning to‘rttala barmoqlarini kindik xalqasi bo‘ylab uzunasiga uqalang, bunda bir qo‘l yuqoriga harakatlanayotganda, ikkinchi qo‘l pastga qarab siljishi lozim;

– uqalashni bola ovqatlanishidan oldin kuniga 2-3 marta takrorlang, har bitta mashqni 20 martadan bajaring.

Asosiy maslahatlar

Kindik churrasi yopilishiga onalarning o‘zlari ham ko‘maklashishi foyda beradi. Shu xususda bir nech­ta tavsiyalar beramiz.

Bola uxlayotganda kindik churrasining ikkala tomon terisini qo‘lingiz bilan yig‘ib, bir-biriga yaqinlashtiring va plastir yopishtirib qo‘ying.

Ayrim bolalarning terisi juda ta’sirchan bo‘lib, plastir yopishtirilgan joy qizarib ketadi. Bunday vaqtda plastirni kunora qo‘llash va plastir olingach, joyiga vitaminli krem surtish lozim.

Chaqaloqni yo‘rgaklashdan oldin 2-3 daqiqa qorni bilan yotqizing. Uning qorin devori mushaklarini mustahkamlash uchun kindik xalqasi atroflarini qo‘l uchlari bilan yengil silab-siypalang.

Churrasi bor go‘daklarni o‘z vaqtida ovqatlantirishga qat’iy rioya eting. Agar ularda raxit va gipotrafiya ham rivojlanayotgan bo‘lsa, shifokor bilan maslahatlashib, ambulator sharoitida muolaja oling.

Umuman kindik churrasi paydo bo‘lganda bolani konservativ davolash yoki operatsiya qilish xususida shifokorlar bilan tezroq maslahatlashgan ma’qul. Davo qanchalik barvaqt amalga oshirilsa, foydasi shunchalik samarali bo‘ladi.

«Sog’lom avlod» gazetasi.
Soglom.uz

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте, как обрабатываются ваши данные комментариев.