bolalarda diareya
Bolalar salomatligi

Bolalarda diareya (ich ketishi) — belgilari va davolash usullari

Dunyo­­­ statistikasiga koʻra, diareya bilan kechadigan kasalliklardan har yili 5 million bola vafot etadi. Bu kasallik, ayniqsa, goʻdaklar va 3 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun juda xavflidir.

Issiq kunlarda bolalarda diareya, yaʼni ichketar (bu kasallik ichburugʻ ham deyiladi) kasalligi koʻp uchraydi. Diareyaning bakteriyali va virusli turlari bor. Uning bakteriyali turi solmonellyoz, dizenteriya, ichak tayoqchasi, shartli patogen mikroorganizmlarning organizmdagi muvozanati buzilishi tufayli yuzaga keladi. Virusli turi esa oziq-ovqat va havo orqali yuqadi. Bu kasalliklarning yuqishiga, asosan, tozalik, shaxsiy gigiyenaga yetarli rioya etmaslik, suvni qaynatmay ichish, sifati talabga javob bermaydigan oziq-ovqatlarni isteʼmol qilish, meva-sabzavotlarni tozalab yuvmay, yeyish sabab boʻladi.

Bolalarda diareya belgilari

Bolaning harorati koʻtariladi, ishtahasi yoʻqoladi, holsizlanadi, ichi ketadi. Sir emas, baʼzi ota-onalar boladagi bu xastalikni oʻz-oʻzidan oʻtib ketadigan holatdek qabul qilishadi. Lekin baʼzida kasallik shunchaki vaqtinchalik «bekinadi» va qulay fursatni poylaydi. Gohida esa kasallik shunchalik kuchli namoyon boʻladiki, zudlik bilan davo choralarini koʻrmasa boʻlmaydi.
Bola organizmi juda tez suvsizlanib qoladi, koʻp miqdorda suyuqlik yoʻqotish oqibatida modda almashinuv jarayoni va boshqa aʼzolar faoliyati ham buziladi. Birinchi galda asab tizimi va oshqozon-ichak trakti ishi zarar koʻradi. Diareya xavfini nazar-pisand qilmaslikning oqibati yaxshi emas. 

Diareyaning xavflilik darajasini aniqlash

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bu borada toʻrtta eng oddiy usulni targʻib etadi. Yaʼni, bolaning holsizlanib qolishi, koʻz atrofi va qovoqlarning osilishi va koʻkarishi, qorin sohasida teri chimchilansa, tezda asl holiga qaytmasligi, suv ichishni keskin rad etishi. Ana shunday holatlar diareyaning ogʻir darajasidan dalolat  beradi. Bunday vaziyatda zudlik bilan «Tez yordam» chaqirib bolani yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yetkazish lozim.

Baʼzi holatlarda bolaning ichi ketsa ham tana harorati koʻtarilmaydi. Bu immun tizimining kuchsizligi, organizmning yot infeksiya va viruslarga qarshi kurashish qobiliyatining pastligi ifodasidir. Bunday vaziyatlarda ham zudlik bilan bolani tegish­li shifokor koʻrigiga yoʻllab, sogʻlomlashtirish chorasini koʻrish kerak.

Ichketar boʻlgan bolaning axlatiga qarab yuqumli kasallikning qaysi turi bilan kasallanganini bilish mumkin. Agar axlat rangi pushti boʻlsa dizenteriya, yashil boʻlsa organizmda stafilokokk yoki salmonellyoz koʻpayayotganini anglatadi. Kulrang koʻpikli axlat esa organizmda rotavirus borligining ifodasi. Axlatda yogʻ va hazm boʻlmagan ovqat qoldiqlari boʻlsa, bolaga isteʼmol qilgan qaysidir taomi yoqmaganini bildiradi. Agar axlat oʻziga xos rang va hidli boʻlsa, disbakteriozdan nishona boʻlishi mumkin. Bunday vaziyatlarda bolaga aniq tashxis qoʻyish va davolash lozim.

Bolalar ichburugʻi boʻlganda momolarimiz guruch qaynatib, qatiq bilan aralashtirib ichirishadi. Albatta, kasallikning yengil turida bu usul yaxshi samara beradi. Shu bois, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ham bu usulni xonadon sharoitida diareyaning yengil turini davolashda qoʻllashni tavsiya etadi. Biroq, kasallikning ogʻir turlarida bu bilan cheklanish kifoya emas. Bolani albatta shifokor koʻrigiga olib borib sogʻlomlashtirish kerak.

Bolalarda ich ketishini oldini olish

Aslida bolalarda diareya dardini davolagandan koʻra oldini olish afzal. Buning uchun  oilada ozodalikka jiddiy eʼtibor qaratish kerak. Qolaversa, har bir inson shaxsiy gigiyenaga qatʼiy rioya etishi lozim. Bundan tashqari, har bir xonadonda qaynagan suv boʻlishi lozim. Uyda ham, koʻcha-kuyda ham sifati kafolatlanmagan oziq-ovqatni isteʼmol qilmaslik kerak. Ayniqsa, bolalar uchun tayyorlanadigan har bir taom, jumladan, sutli taomlar obdon qaynab pishishi kerak. Meva-sabzavotlarning sifatlisini tanlab, tozalab yuvib ke­yin isteʼmol qilish kerak. Bolalarga magazinlarda sotiladigan, oldindan tayyorlangan oziq-ovqailarni, gazli suvlarni berish zararli. Ikki yoshgacha boʻlgan bolalarni koʻproq  koʻkrak suti bilan oziqlantirish lozim. Agar bolalar sunʼiy oziqlantirilsa, tarkibida bifidobakteriyalari bor ozuqalarni tanlash maqsadga muvofiq boʻladi.
Diareyada qoʻllaniladigan dorilarning aksariyati shifokor retseptisiz sotiladi. Lekin ota-onalar kimningdir tavsiyasiga binoan duch kelgan qorin ogʻrigʻiga qarshi dorini bolaga beravermasligi kerak. Ayniqsa, oʻziga qachondir yordam bergan dorini bolasiga ham ichirishi baʼzida ogʻir asoratlar olib keladi.

Choʻmilish havzalarida ham bolalarga  ichak kasalliklari yuqishi mumkin. Chunki, bolalar hamisha toza suv havzalarida choʻmiladi, deb boʻlmaydi. Baʼzida ota-onalar ham farzandini bu borada toʻla nazorat etmaydi. Ariqlar, anhorlar, suvi tozalanmaydigan basseynlar ham kasallik manbai boʻlishi mumkin. Ota-onalarning bu borada ham hushyorligini oshirish lozim.

Pnevmokokk va rotavirus infeksiyasiga qarshi emlash. Ushbu  emlash  tibbiyotimizning eng muhim yutuqlaridan biri desak arziydi.  Jahon ilm-fanining bunday olamshumul kashfiyotlari mamlakatimiz tibbiyotiga ham tatbiq etilmoqda. Keyingi yillarda pnevmokokk va rotavirus infeksiyasiga qarshi emlash milliy taqvimimizga joriy etilgani quvonarli hol. Pnevmokokka qarshi vaksina bilan emlangan bolalarda meningit, otit, pnevmoniya kabi ogʻir kasalliklarning oldi olinadi. Rotavirusga qarshi emlash esa diareyaning ogʻir turlari profilaktikasida muhim vositadir. Qolaversa, diagnostika va davolash amaliyoti ham yildan-yilga yangicha uslub­lar bilan boyib bormoqdaki, bunday ilgʻor texnologiyalar inson salomatligini asrashda muhim natijalarga zamin yaratmoqda.

Tegishli maqola: Ich ketishi, diareyani uy sharoitida davolash yo’llari

Yulduz MOʻMINOVA, oliy toifali vrach.
Gujum.uz

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте, как обрабатываются ваши данные комментариев.