allergiyani davolash
Dorivor o'simliklar

Allergiyani uy sharoitida davolash usullari

Allergiya keltirib chiqaruvchi omillar juda ham ko’p. Shu jumladan uni davolash ham bemordan uzoq muddat va sabr talab qiladi. Ushbu maqolada kasallikni davolashga qo’shimcha ravishda allergiyani uy sharoitida davolash uchun xalq tabobati na’munalari keltirib o’tilgan.

Retseptlarni qo‘llashdan oldin, albatta mutaxassis bilan maslahatlashing. Har bir organizm o‘ziga xos ekanligini unutmang!

Qichitqi o‘t allegiyaga qarshi

Allergik holatlarda qichitqi o‘t (krapiva) tindirmasi foyda beradi. Bir osh qoshiq yangi qichitqi o‘t (yoki qurug‘ining) gulini bir stakan qaynoq suvga soling. Qalin matoga o‘rang, yarim soatcha tursin. Keyin dokada suzib, kuniga 4-5 mahal yarim stakandan yoki 3 mahal bir stakandan iliq holida ichasiz. Damlama har gal yangidan tayyorlanadi. Bu shifobaxsh bo‘lib, badandagi qichishishlarni yo‘qotadi, allergenlardan sizni himoyalaydi.

Unutmangki, allergiyaga moyilligingiz bo‘lsa, allergen mahsulotlar (masalan baliq, ikra, qisqichbaqa, sitrus mevalar, qizil rangdagi rezavorlar, asal, shokolad, qahva singarilar)ni iste’mol qilmay turganingiz ma’qul. Shuningdek, ari, asalari va qovog‘ari chaqishidan o‘zingizni ehtiyotlang. Qanotli hasharotlarni jalb qiladigan o‘tkir hidli atirlar sepmang. Har bir dorini qo‘llashdan avval allergolog-shifokor bilan maslahatlashing.

Yong‘oq eshakemga qarshi

Gohida ovqat (masalan, yel hosil qiluvchi mosh va dukkaklilar, shuningdek, sintetik holda tayyorlangan, o‘ta yog‘li, achchiq va sho‘r yeguliklar) yoqmaganda badanga eshakem toshadi. Qadimgi tabiblar xastalikni yong‘oq moyi yordamida davolashgan. Eshakem toshib, qichishgan joylarga bir necha kun shu moydan surtib, ustidan ipak mato bilan bog‘lab qo‘yiladi.

Yong‘oq moyini uy sharoitida tayyorlash mumkin. Buning uchun yong‘oq mag‘zini yaxshilab qizdirib, hovoncha yoki go‘shtqiymalagichda maydalang. Sun’iy toladan tayyorlangan mato (kapron) ichini maydalangan yong‘oq bilan to‘ldiring (chunki u yog‘ni shimib olmaydi. Shuning uchun bu turdagi eski paypoqlaringizdan foydalansangiz bo‘ladi) va og‘zini mahkam berkiting. Keyin uni ehtiyotkorlik bilan burang. Ostiga birorta idish qo‘yishni unutmang. Nihoyat, undan sarg‘ish-yashil rangli yog‘ oqib tusha boshlaydi. Qopchani to‘liq bo‘shatib, yog‘dan bemalol foydalanishingiz mumkin. Aytgancha, bu yog‘ qo‘l, yuz va bo‘yin terilarini yumshatish, kuygan joylarni davolash, surunkali yaralarni tuzatish xususiyatiga ham ega.

Tegishli maqola: Qichima

Allergiyani davolash uchun seldereyli muolaja

Selderey (karafs)ning dorivorlik xususiyati eramizdan oldingi asrlarda ham ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan. Tabiblar qadimdan to bugunga qadar teridagi yaralarni tez bitirishda, tanaga quvvat berishda, nafas qisishi (astma)da va ko‘krakdagi og‘riqlarni qoldirib, allergiya tufayli badanga toshma toshishida seldereydan foydalanishgan.

Allergik holatlarni yo‘qotishda bir osh qoshiq maydalangan selderey ildizi bir stakan sovuq suvga solinadi. Ikki soatcha turishi kerak. Kuniga bir mahal ovqatlanishdan oldin 1/3 stakan ichiladi.

Shuningdek, selderey sharbatini siqib chiqarib, har kuni uch marotaba ovqatlanishdan avval ikki choy qoshiqdan ichib turilsa ham allergiyaga davo bo‘ladi.

Sharbatlar yordamida uy sharotida allergiyani davolash…

Teridagi allergik toshma (dermatit)ni davolash uchun uy sharoitida quyidagi usuldan foydalanish mumkin:

200 grammdan sabzi, lavlagi hamda turpning yangi siqilgan sharbatidan bir stakan olasiz. So‘ng bir stakan toza asal hamda bir litr tibbiyot spirti (suv qo‘shib, 40 foizga keltirilgani) aralashtiriladi. Shisha idishga solib, qopqog‘ini mahkamlang-da, qorong‘u va salqin joyda saqlang. Ertasidan boshlab bu tindirmadan bir kunda uch mahal ovqatlanishdan yarim soat oldin 20-30 grammdan qabul qilinadi. Ilk kunlarda bir osh qoshiqdan, biror hafta o‘tgach, ikki osh qoshiqdan ichiladi. Ikki-uch haftalar o‘tgach, tindirmadan kuniga 20 gramm qabul qilish mumkin.

Alohida eslatmalar!

Unutmangki, allergiyaga moyilligingiz bo‘lsa allergen mahsulotlar (masalan baliq, ikra, qisqichbaqa, sitrus mevalar, qizil rangdagi rezavorlar, asal, shokolad, qahva singarilar)ni iste’mol qilmay turganingiz ma’qul.
Ari, asalari va qovoqari chaqishidan o‘zingizni ehtiyotlang. Qanotli hasharotlarni jalb qiladigan o‘tkir hidli atirlar sepmang.
Allergiya tufayli paydo bo‘lgan teridagi toshmalarni davolashda servitamin ovqatlanish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, ho‘l meva va sabzavotlar, oshko‘klar, anjir iste’mol qilib turish zarur.

 Karima INOMOVA, shifokor.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте, как обрабатываются ваши данные комментариев.