Ajinlardan qutilish
Tabiiy maslahatlar

Ajinlardan qutilish yo’llari va oldini olish usullari

Ajinlardan qutilish haqida gap ketganda, hech bir ayolni bu mavzu befarq qoldirmasa kerak. Chunki nozik xilqat vakillari tashqi ko‘rinishga doimo alohida e’tibor bilan qarashadi. Mabodo yuzda ajin paydo bo‘la boshlasa, ko‘pchilik buni qarishdan darak, deb biladi.

Aslida mazkur jarayonni to‘liq yoshning ulg‘ayishi bilan bog‘lash xatodir. Gap shundaki, teridagi o‘zgarishlarning o‘ziga yarasha sabablari, demakki, oldini olish choralari ham bor.

Ajin ko‘p hollarda ob-havoning nojo‘ya ta’siri, quyosh nuri, noto‘g‘ri ovqatlanish, stress kabi omillardan kelib chiqadi. Ko‘cha-ko‘yda, yaqinlar davrasidagi suhbatlarda «yuzing­ni ko‘p burishtirma, ajin tushadi», degan gapni eshitib qolamiz. Buni qarangki, haqiqatan ham, yuz orqali ifoda qilinadigan har xil imo-ishoralar terida o‘z izini qoldirarkan.

Ajin, asosan, kichkina va to‘rsimon ko‘rinishga ega bo‘ladi. Yuzaki (epidermal) ajinlar terining yuza qismini qamrab oladi.

Ayollarimizda eng ko‘p uchraydigan ajin — mimik ajinlardir. Chunki yuz mimikasi yordamida o‘z hissiyotlarini namoyon etish insonga xosdir.

Yuzimizdagi mushaklarning doimiy harakatlanishi natijasida esa mimik ajinlar kelib chiqadi. Misol uchun, kimdir peshonasini ko‘p tirishtiradi, kimdir burnini jiyiradi, yana kimdir esa ko‘p kuladi. Bunday holatlarda yuz mushaklarining harakatlanishi tufayli ajinlar paydo bo‘la boshlaydi, mimik ajinlar odatda peshona, ko‘z atrofi, lab va burunda kuzatiladi.

Shuningdek, yana bir turdagi ajinlar borki, ular asosan, yosh o‘tganda, ya’ni 40 yoshdan so‘ng ko‘zga ko‘rina bosh­laydi. Yosh o‘tib, qon aylanish tizimining sustlashishi tufayli teridagi kollagen va elastin tolalari, gialuron kislotasi sintezi keskin pasayadi.

Bunday o‘zgarishlar o‘z o‘rnida teri elastikligi va tarangligi kamayishiga olib keladi. Terining og‘irlik kuchi natijasida tortilishi sabab to‘qimalar pastga tusha boshlaydi va statik (gravitatsion) ajinlar hosil bo‘ladi.

Ajin tushishi profilaktikasi

Ajin tushishining oldini olish uchun sog‘lom hayot tarziga amal qilish, to‘g‘ri ovqatlanish, mehnat va dam olishni tartibli tashkil qilish kerak. Bunda sport bilan muntazam shug‘ullanish, badanni oftobda me’yori bilan toblash, yuzni kuchli shamol, issiq va sovuqdan himoyalash lozim. Yuz, bo‘yin, qo‘l terisini muntazam parvarish qilish shart. Yuzni vaqti-vaqti bilan massaj qildirish ham foydadan xoli bo‘lmaydi.

Shu bilan birga, ajinlarni bartaraf etishda, asosan, teri turiga mos parvarish vositalaridan to‘g‘ri foydalanish talab etiladi. Birinchi nav­batda, terini namlantirish hamda oziqlantirish kerak. Buning uchun shunday xususiyatga ega kremlardan teri turiga va yoshiga mos ravishda foydalanish lozim. Qolaversa, quyoshning ultrabinafsha hamda infraqizil nurlaridan ham himoyalanish zarur.

Ajinlardan qutilish amaliyotida yuz mushaklari gimnastikasi ham katta yordam beradi. Bunday mashqlar yuz mushaklarini tetiklashtirib, mus­tahkamlaydi va terida qon aylanishini yaxshilaydi.

Ajinlardan qutilish uchun tabiiy usullar

Teri namligining pasayishi ajin paydo bo‘lishining asosiy sabablaridan biri ekanligini yuqorida aytib o‘tgan edik.

Tibbiyotda terini namlantirib, kerakli oqsil, vitamin va mik­roelementlar bilan to‘yintiruvchi usullar mavjud. Masalan, biorevitalizatsiya usuli ajin tushishining oldini olish bilan birga, borlarini ham bartaraf etishga yordam beradi. Shuningdek, uning qatoriga mezoterapiya usulini ham qo‘shishimiz mumkin. Mezoterapiya yordamida kerakli moddalarni teriga kiritib, mik­roelementlar va vitaminlar bilan oziqlantirish mumkin.

Bundan tashqari, kosmetik uqalash usuli ham yaxshi samara beradi. Bu usul yordamida terida va yuz mushaklarida qon aylanish jarayoni yaxshilanib, to‘qimalarga oziq moddalari yetkaziladi. Uqalash tufayli yuz mushaklarini kerakli joylarida tarangligini oshirish yoki pasaytirishga ham erishish mumkin.

Aziz ayollar, mazkur muolajalar, albatta, malakali mutaxassis tomonidan bajarilishi lozim. Aks holda, nojo‘ya ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ko‘z qovoqlari uchun

Ko‘zlaringizni yumgan holatda ko‘rsatgich barmoqlaringiz uchini qoshlaringiz o‘rtasiga qo‘ying. Barmoqlaringiz bilan qovoqlaringiz terisini peshonangiz tomonga yengil harakatlar bilan torting. 5-6 soniya ana shu holatda qoling. Ushbu mashqni 20 marta bajaring.

Ko‘z atrofi terisidagi ajinlar uchun

Ko‘zingiz ochiq o‘tirgan holatda tepangizda biror nuqtaga tikiling. 5-6 gacha sanang va oldingi holatga qayting. Bunday mashq ko‘z muskullari uchun ham juda foydali hisoblanadi. Shuning uchun uni 20 marta takrorlash tavsiya etiladi.

Ko‘z pastki qovoqlari ostida xaltachalar paydo bo‘lishini oldini olish uchun

Ko‘rsatgich barmoqlaringiz uchini ko‘zlaringizning chekka burchagiga qo‘ying. Teringizni peshonangiz tomon tepaga asta-sekin silab torting. Bu mashqni ko‘zingizni yumgan holatda 6 gacha sanab bajaring. Kun davomida yoki bir martada 20 marta takrorlang.

Bunday muolajalar yuz teringizni silliq va go‘zal bo‘lishiga, Sizni yanada go‘zal ko‘rinishga ega bo‘lishingizga yordam beradi.


Ajinlarga qarshi niqob

Bir dona atalangan tuxum oqini yuzingizga surtib, qurishini kuting. So‘ng qog‘oz salfetkani iliq suvda ho‘llab, niqobni artib olasiz. Mazkur usul ikki oy davomida hafta ikki marta bajarilsa, peshonadagi ajinlar ancha kamayadi.

Mana bu resept uchun esa to‘rt tomchi limon sharbati va ikki osh qoshiq sut kerak bo‘ladi. Masalliqlar aralashmasini peshona, shuningdek, yuzdagi ajinlarga surtib, 20 daqiqa qoldirasiz. Shundan so‘ng niqob iliq suvda chayib olinadi.

«Sog’lom avlod» gazetasi.
Soglom.uz

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Этот сайт использует Akismet для борьбы со спамом. Узнайте, как обрабатываются ваши данные комментариев.